* * *

Echkisoqol, dumli olifta oyni o‘g‘irlab, yonida osig‘liq ko‘lboriga solib qo‘ygan edi. Mo‘ridan chiqib-kirganida ko‘lbori pechkaga ilinib ochilib ketdi va oy fursatni g‘animat bilib, Soloxa uyining mo‘risidan osmonga chiqib ketdi. Olam yorishdi. Bo‘ron bo‘lmaganday, atrof boyagi-boyagiday. Yerni qoplab yotgan qor kumushdek yaraqladi, go‘yo qor ustiga billur yulduzchalar sochilgandek edi. Havo iliganday bo‘ldi. Uspirin yigit va qizlar yelkalarida to‘rvalari bilan chuvillashib tashqariga chiqdilar. Qo‘shiqlar jaranglab, ramazon aytib qirilmagan eshik qolmadi.

Oy ajab tovlanib turibdi! Bunday xushhavo kechada quvnoq qizlar, har bir hazil, har bir o‘yinga tayyor turgan sho‘x yigitlar orasida bo‘lish qanday zavqli! Egning» da po‘stin bo‘lsa sovuq yemaysan, sovuqda betlar yana battarroq yonadi. Sho‘xlikka esa shaytonning o‘zi boshlaydi.

Bir gala qizlar yelkalarida to‘rvalari bilan Chubnikiga kirib, Oksanani o‘rab oldilar. Ularning chuvillashidan temirchi esankirab qoldi. Har qaysisi birbirining gapini bo‘lib, go‘zal qizga bir yangildk aytgisi kelardi, ramazon aytib yiqqan chalpak, kolbasalarini xaltalaridan to‘kib maqtanar edilar. Oksana hali u, hali bu qiz bilan gaplashib, xaxolashib kulardi.

Temirchi qizlarning bunday quvonchlarini ko‘rib, havasi kelar, qizg‘anchiqligi tutib, o‘zi bara aytishni yaxshi ko‘rsa ham, lekin hozir uni la’natlardi.

Go‘zal qiz quvonch bilan qizlarning biriga qar-ab:

— Hoy, Odarka! Yangi kavush kiyib kelibsanmi, muncha chiroyli! Zarlig-a! Tole’ing balandda sani, har narsalar olib beradigan kishing bor. Menga kim olib beradi bunaqa kavushni, — dedi.

Temirchi darrov:

— Jonim Oks ana, xafa bo‘lma, senga unaqa-bunaqa boyning qizi ham kiymaganini olib beraman, — dedi.

Oksana yalt etib qaradi-da, uni mensimagandek:

— Sen-a? — dedi. — Qani, ko‘ray-chi, men kiyadigan kavushni qayerdan topib kelarkinsan. Malikaning oyog‘idan yechib kelsang, unda mayli!.. — dedi.



15 из 46