Xuddi shayton pinjiga kirib, temirchiga qattiqroq gapir, deb vasvasa qilayotganday bo‘ldi. Chub ovozini haligidek bo‘lakcha qilib:

— Senga nima bo‘ldi, muncha baqirasan? Nima, ramazon aytgani ham qo‘ymaysanmi, xohlasam aytaveramanda! — dedi.

— Eh-ha! Tilingni tiymaysanmi hali!.. — Bu gapdan keyin Chub yelkasiga yaxshigina bir musht tushganind sezib qoldi.

Ketiga ozroq tislanib turib:

— I-ye, hali mushtlashmoqchimisan! — dedi.

Temirchi yana turtib:

— Ket-ket! — deb baqirdi.

— Senga nima bo‘ldi, i-ye! — dedi Chub. — Rostakamiga, jon-jahding bilan uryapsan-a! — Uning ovozida alam ham, og‘riq ham bor edi.

— Ket, ket, yo‘qol! — deb eshikni yopib oldi temirchi.

Chub ko‘chada yolg‘iz qolib:

— Botirligini qara-ya, yaqiniga borib bo‘lmaydi, Shoshmay tur hali, kerilma, shahar bedarvozami! Senimi, bola, to‘ppa-to‘g‘ri hokimga arz qilaman. Temirchiliging-u, bo‘yoqchiliging menga pisand emas. Qani, yelkam bilan orqamga qaray-chi, ko‘karib chiqqandir. Bachchag‘ar yomon urdi shekilli! Sovuq bo‘lmasa-yu, po‘stinimni yechib… shoshmaytur shaytonning temirchisi, meni urding, seni shayton ursin, temirchi do‘koningga jin teksin, shoshma, hali, seni xo‘p o‘ynataman! La’nati, dorga osilgur! I-ye, shoshma, hozir-ku, uyidamas, Soloxa yolg‘iz o‘tirgandir… Ha… uyi uzoq ham emas. Borsammikin! Vaqt ham shundayki, hech kim kelmaydi, zora murod hosil bo‘lsa… La’nati temirchi yomon urgan ekan-a!

Chub yelkasini qashib olib, yo‘lning bu tomoniga burildi. Soloxani ko‘raman deb xursand bo‘lgakidan, og‘riq ham esidan chiqdi, chirsillab turgan sovuq bo‘ronning buyug‘i ham bilinmay ketdi. Bo‘ron soqol-mo‘ylovini qor bilan shunday sovunlab qo‘ydiki, har qanday chapdast sartarosh ham bunday sovunlay olmas edi; qor bosgan shu betida gohda quvonch paydo bo‘lib, iljayib qo‘yar edi. Ammo qor bo‘roni har tarafdan gupillab, ko‘zini ochqizmay qo‘yganda, har qadamda to‘xtab, la’nati temirchi yomon urdi, deb, yelkasini silab, yana yo‘lga tushar edi.



14 из 46