
Biroq, yo‘l ko‘rinmas edi. Hamrohi oyog‘ida uzun qo‘njli etik bilan, tentirab-tentirab, aroqxonaga borib qoldi. Dunyo topgandek suyunganidan, ko‘chada qolgan hamrohini unutib, ustidagi qorni qoqib, ichkariga kirib bahuzur o‘tiraverdi. Bu orada Chub ham yo‘l topganday bo‘lib, hamrohini chaqirib-baqirishga tutindi, hamrohi ovoz bermagandan keyin, o‘zi ketaverdi. Borsa, o‘zining uyi. Uyining oldiga qor uyulib qolibdi, tomini ham ko‘rib bo‘lmaydi. Sovuqdan to‘ngan qo‘li bilan eshikni urib taqillatib qizini chaqirdi.
Eshik ochgani chiqqan temirchi:
— Kimsan, nima deysan? — deb baqirdi.
Chub temirchining tovushini tanib, ketiga surildi. Ichida: «Bu mening uyim emas ekan… Menikiga temnrchi kirolmas edi. Lekin mundoq qaraganda, temirchining uyi ham emas. Kimniki bo‘lsa ekan? Ana xolos, taniyolmaganimni qara! Yaqinda yosh xotin olgan Levchenko cho‘log‘niki bo‘lsa kerak. Faqat uning uyi menikiga o‘xshaydi. Nega darrov kelib qoldim, dedim-a. Ammo Levchenko hozir munshinikidaligini yaxshi bilaman, temirchi nima qilib o‘tiribdi bunda?.. yosh xotinining oldiga kelib yurarkan-da! Yaxshi, endi tushundim».
Temirchi yaqinroq kelib yanada qattiqroq do‘q bilan:
— Kimsan, eshikma-eshik nima qilib yuribsan? — dedi.
Chub ichida: «Kimligimni aytmayin. Manglayi qora, tag‘in urib-netib yurmasin!» deb ovozini o‘zgartirib:
— Duogo‘y bir odamman, ramazon aytib keldim! — dedi.
— Io‘qol, boshni qotirmay! — dedi Vakula baqirib. — Nega yana ketmasdan turibsan, yo‘qol, ket, hozir ket!
Chubning o‘zi ham, baloga qolmasdan keta qolay, deb turib edi-yu, ammo temirchining buyrug‘i alam qildi.
