
Soloxa saranjom-sarishta xotin bo‘lganidan, darrov pechkadan chiqib, uyni yig‘ishtirishga tutiidi. Ammo yerda yotgan qoplarga tegmadi; Vakula o‘zi olib kelgan, o‘zi yig‘ishtirsin! Shayton bo‘lsa mo‘riga kirayotganda, behosdan orqasiga qayrilib qarab, birov bilan boshlashib ketayotgan va uydan ancha nariga borib qolgan Chubga ko‘zi tushgan edi. Darrov pechkadan uchib chiqib, ular oldiga o‘tdi-da, yaxlab qolgan qorni to‘zitib socha boshladi. Birpasda bo‘ron turib, havoni buyug‘ bosdi. Har tarafdan qor uchib, piyodalariing yuz-ko‘zlarini, quloq-burunlarini qoplaguday bo‘ldi. Shayton bo‘lsa, Chub hamrohi bilan uyga qaytib ketadi va temirchini ushlab olib, bo‘yoq cho‘tkani anchagacha qo‘liga ololmaydigan qilib qo‘yadi, deb ko‘nglini to‘q qilib, yana mo‘riga qaytib keldi.
* * *Darvoqe bo‘ron boshlanib, shamol ko‘z ochirmay qo‘ygan zahoti, Chub yo‘lga chiqqaniga pushaymon bo‘ldi, telpagini qattiqroq bostirib olib o‘zini, shaytonni, hamrohini koyib ketdi. Ammo uning bunday xafaligi ham ayyorlik edi, chunki bo‘ron ko‘tarilganiga xursand edi. Munshinikiga hali bosgan yo‘llariga qaraganda sakkiz marta ko‘proq yo‘l bosish kerak. Xullas, yo‘lovchilar ketlariga qaytdilar. Shamol orqadan urardi, lekin bo‘rondan hech narsani ko‘rib bo‘lmasdi.
Bir oz yurgach, Chub hamrohiga qarab: «Shoshma, og‘ayni, boshqa yo‘lga kirib ketibmiz shekilli. Bitta ham uy ko‘zimga ko‘rinmayapti. Shunday ham bo‘ron bo‘ladimi? Sen sal burilibroq anavi tomonga yur-chi, zora yo‘l topsang. Men buyoqdan qaray. Shunday bo‘ronda ko‘chaga sudraganini qara, shaytonning ishi-da, bu! Yo‘lni topsang meni chaqir, yodingdan chiqmasin. Bachchag‘ar mal’unni qara, ko‘zimga qorni toza uribdi!» — dedi.
